Jahon bankining “O‘zbekiston uchun iqtisodiy memorandum” nomli yangi hisobotida mamlakatning 2010-2022-yillardagi iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha tahlil keltirilgan. Hujjatda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi yutuqlar qayd etilgan, milliy iqtisodiyotning jadal o‘sishi va xususiy sektorni rivojlantirish yo‘lidagi asosiy muammolar ta’kidlangan hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Asosiy muammolar va cheklovlar
Hisobot xulosalariga ko‘ra, 2010-2022-yillarda O‘zbekiston quyidagi qiyinchiliklarga duch kelgan:
1. Yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish: 2010-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda aholi jon boshiga qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 4,2 foizni tashkil etib, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi, shuningdek, o‘rta daromadli mamlakatlar guruhidagi past daromadli mamlakatlar o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘ldi. Biroq, ushbu o‘sish ko‘proq asosiy kapitalga investitsiyalar – binolar, asbob-uskunalar, infratuzilma va tovarlar hamda xizmatlarni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan boshqa ishlab chiqarish vositalari kabi uzoq muddatli moddiy aktivlarga sarmoyalar hisobiga ta’minlandi. Shu bilan birga, 2017-2022-yillarda iqtisodiy o‘sish bilan bir vaqtda yetarli miqdorda ish o‘rinlari yaratilmagan. Faqat 2023-2024-yillarda mehnat bozoridagi vaziyat yaxshilana boshladi.
O‘zbekiston aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad darajasi bo‘yicha o‘rta daromadli mamlakatlar guruhining yuqori qismida bo‘lishi uchun ikki xonali ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘lgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashi zarur. Buning uchun yalpi omilli unumdorlikni, ya’ni tovar va xizmatlar ishlab chiqarish jarayonida mamlakat resurslari (mehnat, kapital, yer va texnologiya) dan foydalanish samaradorligini oshirish talab etiladi. Shuningdek, regulyator to‘siqlari, bozordagi buzilishlar va texnologik jihatdan ortda qolganlikni bartaraf etish, xalqaro savdoga integratsiyalashuvni faollashtirish, inson kapitali sifatini oshirish muhim ahamiyatga ega.
2. Xususiy sektorni rivojlantirish va korxona hamda kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish: 2020-yilda O‘zbekistonda 2000 dan ortiq davlat korxonalari mavjud bo‘lib, ularning umumiy daromadlari YAIMning qariyb 32 foizini tashkil etgan. Shu bilan birga, ularning 80 foizi xususiy korxonalar va kompaniyalar samaraliroq faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritgan.
3. Infratuzilmani rivojlantirish: O‘zbekiston hududlarida, ayniqsa elektr ta’minoti va transport sohasidagi infratuzilma modernizatsiyaga muhtoj. Bu biznes xarajatlarini kamaytirishga va butun mamlakat bo‘ylab transport aloqasini yaxshilashga yordam beradi. Hukumat 2026-2027-yillarga borib sohadagi xarajatlarni qoplash darajasiga erishish uchun tariflarni isloh qilishni o‘z ichiga olgan holda, energetika sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish choralarini ko‘rmoqda.
4. Tashqi savdoning kengayishi va jahon bozorlariga integratsiyalashuv: Tashqi savdo aylanmasining YaIMga nisbati 2017-yildan buyon ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 2022-yilda 71,6 foizni tashkil etdi. Lekin mamlakatdagi korxonalarning atigi 6 foizi o‘z mahsulotini eksport qilmoqda.
Tavsiyalar
Jahon banki hisobotida ko‘rsatilgan muammolarni bartaraf etish uchun rasmiylarga quyidagi strategik chora-tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etiladi:
Moddiy infratuzilmani rivojlantirish:
- Ishlab chiqarish sanoatida yuqori unumdorlikka ega bo‘lgan hududlarda, shu jumladan Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida elektr energiyasi infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni yo‘naltirish.
- Toshkent shahrini iqtisodiy jihatdan muhim hududlar, jumladan Samarqand va Navoiy viloyatlari bilan bog‘laydigan yo‘l infratuzilmasini yaxshilash.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining markaziy hududlar, jumladan Navoiy va Buxoro viloyatlari bilan transport bog‘liqligini oshirish uchun temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish.
Xususiy sektorni rivojlantirishga ko‘maklashish:
- Raqobatbardosh tarmoqlardagi davlat korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish va tegishli davlat aktivlarini sotishning aniq muddatlari va shaffof mexanizmlari ko‘rsatilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish.
- Davlat korxonalarida ularning samaradorligini oshirish uchun korporativ boshqaruv islohotlarini o‘tkazish.
- Bank sektoridagi islohotlarni mustahkamlash va xususiy sektor uchun muqobil moliyalashtirish manbalarini rivojlantirish orqali kichik va o‘rta biznesning moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish.
Raqobatni rag‘batlantirish va bozor islohotlarini amalga oshirish:
- Regulyator yukini kamaytirish hamda tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartib-taomillarini soddalashtirish.
- Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida, jumladan telekommunikatsiyalar, temir yo‘l transporti va energetikada mustaqil tarmoq regulyatorlarini yaratish.
- Barcha bozor ishtirokchilari uchun teng huquq va sharoitlarni ta’minlash maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining institutsional salohiyatini mustahkamlash.
Tashqi savdoni kengaytirish va jahon bozorlariga integratsiyalashuv:
- Muhim tovarlar, jumladan oziq-ovqat va dori-darmonlar importi uchun tariflarni bekor qilish.
- Tashqi savdo hajmini kengaytirish uchun bojxona tartib-qoidalarini optimallashtirish va raqamli yechimlarni joriy etish.
- Mahalliy korxona va kompaniyalarning global qo‘shilgan qiymat zanjirlarida ishtirokini kengaytirish uchun O‘zbekistonning asosiy mintaqaviy hamkorlari bilan imtiyozli savdo to‘g‘risida bitimlar tuzish.
- Multimodal transport yo‘laklarini rivojlantirish orqali logistika infratuzilmasi va transport aloqasini yaxshilash.
Ushbu tavsiyalarning amalga oshirilishi O‘zbekistonga yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va sifatli ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Bundan tashqari, mamlakat o‘z xususiy firma va kompaniyalarining raqobatbardoshligini oshirishi va jahon savdosida faolroq ishtirok etishi mumkin, deyiladi Jahon banki hisobotida.