Saʻy-harakatlar samarasi: Oʻzbekistonda meva-sabzavotchilik sektorini rivojlantirish

The World Bank

Natijalar

  • Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyiha tufayli Oʻzbekiston meva-sabzavotchilik sektori korxonalari yanada daromadli va samarali boʻldi. Amalga oshirilgan investitsiyalar natijasida 34,5 mingdan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratildi, ularning qariyb 40 foizini ayollar egalladi. Bundan tashqari, qariyb 22 ming nafar mavsumiy ishchi ish bilan taʻminlandi, ularning 75 foizi ayollardir.
  • Qoʻshimcha ravishda, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, saqlash va tarqatish kabi yordamchi sohalarda qariyb 5 mingta ish oʻrni yaratildi. Qishloq xoʻjaligi logistikasi va transport sohasidagi yangi ish oʻrinlari qishloq hududlaridagi yoshlarga shaharlarga mehnat migratsiyasiga chiqmasdan barqaror daromad olish imkonini berdi.
  • Loyihada ishtirok etgan meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari ilgʻor agrotexnologiyalarni joriy etish, yuqori sifatli ishlab chiqarish vositalaridan foydalanish hamda issiqxona texnologiyalarini tadbiq etish orqali salmoqli foyda koʻrdilar. Bu hosildorlikning 25–30 foizga oshishiga va yalpi savdo hajmining 35 foizga koʻpayishiga olib keldi. Ushbu oʻzgarishlar ishchi kuchiga boʻlgan talabning ortishiga va aholi bandligining barqarorlashuviga xizmat qildi.
  • Loyiha doirasida fermerlar va agrobiznes subyektlariga 300 million AQSh dollaridan ortiq miqdorda imtiyozli kreditlar ajratilishiga koʻmaklashdi. Bu 5 mingdan ortiq korxonalarga faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.

Muammolar

2024-yilda Oʻzbekiston 37 million aholisining 49 foizi qishloq hududlarida yashagan boʻlib, qishloq aholisi soni shahar aholisiga nisbatan tezroq oʻsmoqda. Qishloq xoʻjaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmogʻi hisoblanadi. 2019-yilda ushbu soha umumiy bandlikning 27 foizini taʻminlagan. Bu, asosan, Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi, xususan meva-sabzavotchilik uchun qulay geografik joylashuvi bilan bogʻliq. Mamlakat iqlimi hududlarning katta qismida yiliga ikki marta, ayrim hududlarda esa uch martagacha sabzavot hosili olish imkonini beradi. Shuningdek, fermerlar nisbatan past darajadagi zararkunandalar va oʻsimlik kasalliklari sharoitida turli ekinlarni yetishtirish imkoniga ega.

Shu bilan birga, meva-sabzavotchilik sektorining jadal rivojlanishi fermerlarning zamonaviy agrotexnologiyalar boʻyicha bilimlarining cheklanganligi, bozorlarga samarali chiqish mexanizmlarining yetarli emasligi, qoʻshilgan qiymat zanjiridagi kamchiliklar hamda 1 milliard AQSh dollaridan ortiq deb baholanayotgan investitsiyalar tanqisligi bilan cheklanmoqda. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va kredit moliyalashtirishga kirishni kengaytirish Oʻzbekiston agrobiznesiga oʻsishni jadallashtirish, mamlakatning raqobatdosh ustunliklarini roʻyobga chiqarish va oʻsib borayotgan qishloq aholisini munosib ish oʻrinlari hamda zarur koʻnikmalar bilan taʻminlash imkonini beradi.

Jahon banki guruhining (JBG) yondashuvi

Jahon banki mamlakatdagi meva-sabzavotchilik sektorida qoʻshilgan qiymat zanjirining barcha bosqichlarida benefisiarlar bilan hamkorlik qilib, ularning korxonalari samaradorligi va daromadliligini oshirishga koʻmaklashdi. «Oʻzbekistonda meva-sabzavotchilik sektorini rivojlantirish» loyihasi doirasida fermerlar gidroponika texnologiyalaridan foydalanish, energiya va suvni tejovchi sugʻorish tizimlarini joriy etish hamda iqlimga moslashtirilgan innovatsiyalarni oʻrganish imkoniga ega boʻldilar. Yigʻib olishdan keyingi ishlov berish choralarining takomillashtirilishi bilan birgalikda ushbu yangiliklar loyiha benefisiarlarining daromadliligini 120 foizdan ortiq oshirdi va bandlikning uzoq muddatli hamda barqaror oʻsishini taʻminladi.

Fermerlar mahsulot hajmining oshishi natijasida yangi savdo bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega boʻldilar, meva va sabzavotlar eksportining kengayishi esa qoʻshilgan qiymat zanjiri boʻylab ish oʻrinlarini yaratish va ularning barqarorligini taʻminlashda muhim rol oʻynadi. Loyiha, shuningdek, ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan moliyaviy ragʻbatlantirish choralarini, ayol tadbirkorlar uchun oʻquv dasturlarini hamda meva-sabzavotchilik sektorining yuqori daromadli yoʻnalishlaridagi koʻnikmalarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatladi.

Jahon banki mahalliy moliya institutlari (banklar) bilan hamkorlikda meva-sabzavotchilik sektoriga investitsiyalar uchun maxsus kredit liniyasini joriy etdi. Bunday yirik hajmdagi kreditlar ilgari Oʻzbekistondagi fermerlar va agrofirmalar uchun mavjud emas edi. Natijada ishlab chiqaruvchilar zamonaviy issiqxonalar, meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonalari, sovutgich omborlari va eksport infratuzilmasini tashkil etish uchun imtiyozli moliyalashtirishdan foydalanish imkoniga ega boʻldilar. Buning natijasida yalpi savdo hajmi besh baravardan koʻproqqa oshdi. Bu loyihada ishtirok etgan korxonalarga oʻn minglab yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi hamda butun sektorning iqtisodiy transformatsiyasiga xizmat qildi.

Loyiha bizga qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskunalarga sarmoya kiritish imkonini berdi. Natijada ishlab chiqarish quvvatlarimizni sezilarli darajada kengaytirib, yiliga 2 milliontagacha ekologik toza qutilar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Ushbu mahsulotlar mahalliy fermerlar va agrokorxonalar tomonidan Yevropa va Osiyo bozorlariga meva-sabzavot eksportida keng qoʻllanilmoqda. Hozirda korxonamizda qariyb 300 nafar xodim barqaror ish bilan taʻminlangan boʻlib, ularning 60 foizini ayollar va yoshlar tashkil etadi.
Image
Rustam Boʻriev
Qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniya egasi, Toshkent, Oʻzbekiston

Asosiy xulosalar

Barqaror ish oʻrinlarini yaratish uchun faqat moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning oʻzi yetarli emas — moliyalashtirishga kirishni texnik taʻlim va biznesni rivojlantirish bilan uygʻunlashtirish zarur. Oʻzbekistonda kredit moliyalashtirish ishlab chiqarishning oʻsishiga xizmat qilgan boʻlsa-da, ish oʻrinlarining uzoq muddatli yaratilishi fermerlar va agrobiznes subyektlarini zamonaviy texnologiyalar hamda biznes yuritish koʻnikmalariga oʻqitish orqali taʻminlandi.

Loyiha, shuningdek, manfaatdor tomonlar va tashkilotlar oʻrtasidagi yaqin hamkorlik bandlik sohasidagi natijalarning kengaytirilishi, barqarorligi va ularning qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha umumiy strategiyaga integratsiyasini taʻminlashini koʻrsatdi. Aynan loyiha doirasida moliyaviy, texnik va institutsional qoʻllab-quvvatlash choralarining uygʻunlashuvi meva-sabzavotchilik sektorida bandlikning barqaror oʻsishiga erishish imkonini berdi.

Keyingi rejalar

Loyiha yutuqlariga tayanib, JBGning kelgusi tashabbuslari xususiy sektor investitsiyalarini jalb qilish orqali bandlikning barqaror oʻsishini qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek, meva-sabzavotchilik qoʻshilgan qiymat zanjirlarini mustahkamlashga qaratiladi. Ushbu saʻy-harakatlarning asosiy maqsadi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hajmlarini, logistika xizmatlarini va eksport bozorlariga kirishni kengaytirishdan iborat boʻladi.

Yana bir muhim yoʻnalish raqamli yechimlardan foydalanish koʻlamini kengaytirish boʻlib, bunda elektron tijorat platformalari va raqamli maslahat xizmatlariga investitsiyalar kiritiladi. Bu fermerlar va agrokorxonalarning yangi bozorlar hamda moliyaviy xizmatlarga kirishini yanada kengaytiradi. Shu bilan birga, JBG moliyaviy koʻmagidagi kelajak dasturlarining muhim sharti sifatida iqlimga chidamlilikni oshirish choralari, jumladan, iqlimga mos qishloq xoʻjaligi usullari, samarali irrigatsiya tizimlari va bozor hamda boshqa turdagi xatarlar taʻsiridan ish oʻrinlarini himoya qila oladigan barqaror qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish koʻzda tutiladi.