Skip to Main Navigation
Results Briefs

Oʻzbekistonning janubi-gʻarbiy hududida yashovchi 230 mingdan ortiq aholining uylariga toza ichimlik suvi kela boshladi

The World Bank

Yuk mashinalarida suv yetkazib berish va rezervuarni toʻldirish jarayoni. Buxoro viloyati, Oʻzbekiston, 2022-yil. Foto: Jahon banki

ASOSIY MAʻLUMOTLAR

  • 2017-yildan boshlangan bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida Oʻzbekiston hukumati infratuzilmani ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlar qatorida rivojlantirishga alohida eʻtibor qaratmoqda. Biroq, mavjud obyektlarning eskirganligi va investitsiyalarning sezilarli taqchilligi aholining, ayniqsa qishloq joylardagi aholining, suv taʻminoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalana olish imkoniyatidagi tengsizlikka olib keldi.
  • 2010-yillarning boshida Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlari aholisining toʻrtdan bir qismidan kamrogʻi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega edi. Mahalliy ichimlik suv quvurlari tarmoqlaridan suv olgan kam sonli kishilar esa uning sifati pastligiga va yetkazib berishda uzilishlarga duch kelishar edi.
  • Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan “Olot va Qorakoʻl tumanlarida suv taʻminoti tizimini rivojlantirish” loyihasi ushbu hududlarda suv taʻminoti xizmatlari qamrovi, sifati va samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Loyiha mablagʻlari suv olish, tozalash, uzatish va isteʻmolchilar oʻrtasida taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirishga yoʻnaltirildi. 2021-yilda yakunlangan ushbu loyiha 232 mingdan ortiq aholiga toza va xavfsiz suvdan foydalanish imkoniyatini yaratib, ularning salomatligi va farovonligiga ijobiy taʻsir koʻrsatdi.
Image
232 ming fuqaro

2021-yil noyabr oyida yakunlangan loyiha tufayli 232 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari yaxshilangan suv taʻminoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

2021-yil noyabr oyida yakunlangan “Olot va Qorakoʻl tumanlarida suv taʻminoti tizimini rivojlantirish” loyihasi  tufayli 232 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari yaxshilangan suv taʻminoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan 74 million dollarlik loyiha Buxoro viloyatining ushbu ikki tumani aholisi hayotini oʻzgartirish imkonini berdi. Uzoq yillar davomida bu yerda suv taʻminoti boʻyicha mamlakatdagi eng murakkab vaziyatlardan biri kuzatilardi.

Loyiha amalga oshirilgan oʻn yil ichida mahalliy uy xoʻjaliklarini suv bilan deyarli toʻliq taʻminlash va ularga toza ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berishni tashkil etishga erishildi. Bu oʻzgarishlar mahalliy aholi oʻrtasida sifatsiz suv isteʻmoli natijasida kelib chiqadigan kasalliklarni kamaytirishga yordam berdi.

Eskirgan suv taʻminoti va kanalizatsiya tizimi merosi

Oʻzbekistonning asosan sovetlar davrida barpo etilgan suv taʻminoti va kanalizatsiya infratuzilmasi oʻz resursini ishlab boʻlgan. Bu va investitsiyalarning yetishmasligi aholining suv taʻminoti va kanalizatsiya xizmatlariga yetishishida jiddiy muammolarga olib keldi. Bu holat, ayniqsa, qishloq joylarida sezilarli boʻlib, u yerda aholi tez-tez suv taʻminotidagi uzilishlarga yoki bunday xizmatlarning umuman yoʻqligiga duch keladi.

Olot va Qorakoʻl tumanlarida suvga yetishishdagi qiyinchiliklar

Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarida aholi toza ichimlik suviga yetishishda muntazam ravishda qiynalib kelgan. 2010-yillarga kelib, shahar va qishloq joylarining suv bilan taʻminlanishida sezilarli farqlar kuzatildi.

Masalan, Olot shahrida aholining 100 foizi quvurli ichimlik suvi bilan taʻminlangan boʻlsa, qishloq joylarda bu koʻrsatkich atigi 9 foizga yetgan. Qorakoʻl shahrida aholining 61 foizi, qishloq joylarda esa atigi 5 foizi suv taʻminoti xizmatlari bilan qamrab olingan.

Natijada qishloq aholisining 80 foizi sugʻorish kanallari va shoʻrlangan quduqlardagi xavfli suvdan foydalanishga majbur boʻlganlar. Bundan tashqari, ular boshqa joylardan suv tashuvchi mashinalarda keltiriladigan suvni qimmat narxda sotib olishlariga toʻgʻri kelardi. Suvni sisternalarda saqlash uning ifloslanish xavfini oshirardi.

Hatto quvurli ichimlik suvi tizimi mavjud boʻlgan aholi punktlarida ham suv sifati pastligicha qolar edi. Shu bilan birga, kommunal korxonalar katta moliyaviy yoʻqotishlarga duch kelishardi, chunki uy xoʻjaliklari tomonidan isteʻmol qilinadigan suv haqining 50 foizdan ortigʻi toʻlanmagan. Suv kuniga oʻrtacha atigi 4 soat berilib, loyqa va tarkibida begona aralashmalar boʻlgan. Soʻrovlar shuni koʻrsatdiki, har 10 ta uy xoʻjaligidan 9 tasi suv taʻminoti muammosini oʻzining asosiy tashvishi deb bilgan va bu aholining normal hayot kechirishi uchun juda muhimligini taʻkidlagan.

“Olot va Qorakoʻl tumanlarida suv taʻminoti tizimini rivojlantirish” loyihasi

Ushbu loyiha Oʻzbekistonda aholining markazlashtirilgan suv taʻminotidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun Jahon banki tomonidan suv taʻminoti va kanalizatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilishni moliyalashtirgan birinchi loyiha boʻldi. Shuningdek, loyiha kommunal xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan sohani isloh qilish va modernizatsiya qilishga koʻmaklashdi.

Suv taʻminoti xizmatlari qamrovini kengaytirish

2012-yilda Olot va Qorakoʻl tumanlari aholisining 20 foizdan kamrogʻi yaxshilangan suv manbalaridan foydalanish imkoniyatiga ega edi. Loyiha yakunida bu koʻrsatkich 87 foizga yetdi. Jami 232 760 nafar aholi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

Bunga ichimlik suvini uzatadigan va taqsimlaydigan yangi tarmoqlarni qurish hamda 1 524 kilometr ichimlik suvi quvurlari yotqizilishi tufayli erishildi, bu esa birinchi marta 42 151 ta uy xoʻjaligini tarmoqqa ulash imkonini berdi. Yana 7 400 ta uy xoʻjaligi rekonstruksiya qilingan ichimlik suvi tarmogʻiga qayta ulandi. Ushbu yaxshilanishlar mahalliy aholining turmush sifatini sezilarli darajada oshirdi.

Suv taʻminoti xizmatlari sifatini yaxshilash

“Suvdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash — ishning yarmi, xolos”, - dedi loyihaning mintaqaviy koordinatori Sanjar Madiyev.

Loyiha amalga oshirilgunga qadar ushbu hududlarda sifatsiz suv isteʻmoli bilan bogʻliq eng yuqori kasallanish koʻrsatkichlari qayd etilgan. Ushbu muammoni hal qilish uchun 2022-yil mart oyida foydalanishga topshirilgan yangi “Dvoynik” suv tozalash stansiyasi (STS) qurildi. Shu bilan birga Amu-Buxoro kanalidan suv olish inshooti rekonstruksiya qilinib, uning hajmi oshirildi.

The World Bank
Buxoro viloyatidagi “Dvoynik” suv tozalash stansiyasi, 2022-yil. Foto: Jahon banki.

“Dvoynik” suv tozalash stansiyasi bir sutkada 50 ming m3 suvni tozalash imkoniyatiga ega. Bu Olot va Qorakoʻl tumanlari aholisidan 2 barobar koʻp, yaʻni 500 minggacha aholini toza ichimlik suvi bilan taʻminlashga yetadi.

Loyiha doirasida ichimlik suvi sifatini monitoring qilish uchun uchta laboratoriya ham qurildi. Loyiha yakuniga kelib ichimlik suvi sifati meʻyorlariga mos keladigan namunalar ulushi 53 foizdan 98,5 foizga yetdi.

The World Bank
Amu-Buxoro kanalidan olingan suv (chapda) va “Dvoynik” STS da tozalash va xlorlash jarayonlaridan oʻtgan suv (oʻngda). Buxoro viloyati, Oʻzbekiston, 2022-yil. Foto: Jahon banki.

Suv taʻminoti xizmatlari samaradorligini oshirish

Loyiha doirasida suv taʻminoti tarmoqlari faoliyatining fizik va ekspluatatsion koʻrsatkichlarini yaxshilash maqsadida mahalliy kommunal xizmatlarni institutsional rivojlantirish dasturi amalga oshirildi. U boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish boʻyicha tadbirlarni oʻz ichiga olgan edi. Xususan, kommunal xizmatlar birlashtirilib Buxoro mintaqaviy suv taʻminoti davlat unitar korxonasi – “Buxoro suv taʻminoti” qayta tashkil etildi.

Korxona mutaxassislari suv taʻminoti tizimlarini rejalashtirish, ulardan foydalanish va texnik xizmat koʻrsatishning zamonaviy usullari boʻyicha oʻqitildi. Shuningdek, “Buxoro suv taʻminoti” aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun tariflarni tartibga solish tizimini ishlab chiqish boʻyicha texnik koʻmak oldi. Tegishli tadbirlar Markaziy Osiyo suv-energetika dasturi tomonidan moliyalashtirildi.

The World Bank
Olot shahrida yashovchi Umar Sharipov “Buxoro suv taʻminoti” xodimlari bilan suhbatlashmoqda. Buxoro viloyati, Oʻzbekiston, 2022-yil. Foto: Jahon banki.

Toza ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berish: yangi voqelik

“ “Olot va Qorakoʻl tumanlarida suv taʻminoti tizimini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish natijasida aholini suv taʻminoti xizmatlari bilan qamrab olishni sezilarli darajada kengaytirishga muvaffaq boʻldik. Shu bilan birga, mahalliy aholi ularning sifati va samaradorligi oshganini taʻkidladi,” - dedi Jahon bankining suv taʻminoti masalalari boʻyicha yetakchi mutaxassisi Xayri Al-Jamal.

Loyiha oxiriga kelib, uy xoʻjaliklarining atigi 8 foizi suv taʻminotini oʻtkir muammo deb hisoblashda davom etdi va ularning aksariyati hali suv tarmoqlariga ulanmagan uy xoʻjaliklari edi.

“Eng muhimi, aholi toza va xavfsiz ichimlik suvi bilan taʻminlandi, shu bilan birga ertangi kunga ishonch paydo boʻldi”, - deydi mahalliy aholi vakili Umar Sharipov. “Ichimlik suvi tarmogʻiga ulanganimizdan beri, koʻchada oʻynab yurgan nabiralarim joʻmrakdan suv ichsa, bezovta boʻlmaydigan boʻldim. Bilaman, bu ularning sogʻligʻi uchun xavfsiz”.