- add-style
- font-medium
- lp-body-content
VASHINGTON, 2026-yil 21-iyul — Jahon banki guruhi Ijrochi direktorlar kengashi Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv hamkorligini qoʻllab-quvvatlash loyihasini maʻqulladi. U mintaqa mamlakatlariga suv resurslarini boshqarish va ularni saqlashga qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilishga yordam beradi. Loyiha, shuningdek, mamlakatlarning umumiy suv resurslarini boshqarish boʻyicha qoʻshma salohiyatini mustahkamlaydi. Mintaqaviy suv resurslarini boshqarishni yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar tufayli loyihadan Markaziy Osiyo boʻylab 40 millionga yaqin odam bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish amaldagi qiyinchiliklarga duch kelmoqda, jumladan, eskirgan suv xoʻjaligi infratuzilmasi, suv va energetika sohalarida mintaqaviy hamkorlik institutlarining zaifligi, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida mamlakatlar oʻrtasida maʻlumotlar almashinuvining cheklanganligi. Jahon banki guruhi tomonidan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasiga taqdim etilayotgan 20 million dollar miqdoridagi grant “Markaziy Osiyoda suv resurslarini samarali boshqarish sohasida hamkorlik” (CAWEC) loyihasini amalga oshirish orqali yuqoridagi muammolarni hal etish imkonini beradi.
Qurgʻoqchilik, suv toshqinlari va ekstremal ob-havo hodisalarining koʻpayishi yuqoridagi qiyinchiliklarni yanada kuchaytirmoqda. Masalan, soʻnggi 60 yil ichida mintaqadagi muzliklar yuzasi 30 foizga qisqardi, bu esa suv resurslaridan foydalanish imkoniyatiga taʻsir koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, milliy suv xoʻjaligi tizimlari oʻrtasidagi cheklangan hamkorlik har yili mintaqa uchun 4,5 milliard dollardan ortiq zarar keltiradi. Shu bilan birga, umumiy suv xoʻjaligi infratuzilmasidan foydalanishni yanada samarali muvofiqlashtirish va mintaqaviy raqamli platformalardan foydalanish bilan bogʻliq sezilarli salohiyat amalga oshirilmasdan qolmoqda.
Mintaqaviy hukumatlararo tashkilot boʻlgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasi (OQXJ IQ) OQXJga aʻzo davlatlar bilan yaqin hamkorlikda CAWEC loyihasini amalga oshirishni nazorat qiladi.
Loyiha 2031-yilga kelib, OQXJ IQga Markaziy Osiyoning ikki yoki undan ortiq mamlakatlari ishtirokida transchegaraviy suv xoʻjaligi infratuzilmasi masalalari boʻyicha 6 tagacha loyihani tayyorlash imkonini berishi kutilmoqda. Ularning maqsadi — irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini saqlash va jamgʻarish, shuningdek, umumiy suv resurslarini muvofiqlashtirilgan holda boshqarishni takomillashtirish uchun qoʻshimcha investitsiyalarni jalb etish.
Loyiha, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida suv resurslarini hisobga olish tizimlarini raqamlashtirish va axborot tizimlarini modernizatsiya qilishga sarmoya kiritishni nazarda tutadi. Hududiy suv xoʻjaligi tashkilotlarining 100 nafargacha xodimini oʻqitishga koʻmaklashiladi. Bundan tashqari, mintaqaviy suv xoʻjaligi institutlari salohiyatini mustahkamlash va loyiha ishtirokchi mamlakatlari oʻrtasida bilim almashish, malaka oshirish va tadqiqotlarni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
OAV bilan aloqalar boʻlimi
Mirzobek Ibragimov
Jahon banki guruhi haqida
Jahon banki guruhi, yashash uchun yaroqli sayyorada qashshoqlikdan xoli dunyo barpo etishdek ulkan maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan. Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritayotgan Jahon banki guruhi insonlar hayotini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish hamda eng dolzarb global muammolarni hal etishga ko‘maklashish uchun moliyaviy resurslar, maslahat xizmatlari va innovatsion yechimlarni taqdim etadi. Tashkilot faoliyati haqida batafsil ma’lumotni quyidagi veb-saytlarda olishingiz mumkin: www.worldbank.org, www.miga.org va www.ifc.org.
- add-style