Jahon banki koʻmagida Oʻzbekiston 2 million bola uchun boshlangʻich taʻlim sifatini yaxshilaydi va ularning kelajakdagi ish oʻrinlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi

VASHINGTON, 2026-yil 30-iyun Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonning oltita hududidagi boshlangʻich maktablarda taʻlim natijalarini yaxshilash, shuningdek, oʻquvchilarning bazaviy koʻnikmalarni egallashi uchun sharoit yaratish maqsadida mamlakat hukumatiga moliyaviy yordam koʻrsatishni maʻqulladi. Ushbu koʻnikmalar ularga kelajakda katta yoshga yetganlarida yanada samarali va yaxshiroq haq toʻlanadigan ishga kirishga yordam beradi.

Moliyaviy yordam paketi Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan imtiyozli moliyalashtirish shaklida ajratiladigan 100 million dollarni oʻz ichiga oladi. Ushbu mablagʻlar Oʻzbekistonda “Iqtisodiy oʻsish uchun maktab taʻlimini transformatsiya qilish” (BILIM) dasturini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi. Dastur, shuningdek, Taʻlimni moliyalashtirish xalqaro jamgʻarmasi (IFFEd) dan 5 million dollar miqdorida grant oladi. Bu IFFEd va Jahon banki oʻrtasidagi birinchi hamkorlik boʻladi.

Oʻzbekistonda aholining tez oʻsishi va ichki migratsiya tufayli davlat maktablari infratuzilmasi sezilarli yuklamaga duch kelmoqda. 2026-yilda maktab oʻquvchilari soni 7,6 milliondan oshishi kutilmoqda. Taʻlim infratuzilmasiga oʻsib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun hukumat har yili mamlakat boʻylab 300 ga yaqin yangi maktab qurishi kerak.

Bugungi kunda Oʻzbekiston davlat taʻlimi qamrovini kengaytirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Xususan, boshlangʻich maktabga qabul darajasi 99 foizdan yuqori. Lekin oʻquvchilarning oʻzlashtirish natijalari, ayniqsa, oʻqish va matematika fanlari boʻyicha xalqaro standartlarga koʻra, pastligicha qolmoqda. Bundan tashqari, oʻqitish metodikasi va pedagog kadrlarni kasbiy rivojlantirish tizimi sezilarli darajada takomillashtirishni talab etadi.

“Boshlangʻich maktabda oʻquvchilarning asosiy koʻnikmalarini, jumladan, oʻqish, matematika va ijtimoiy-hissiy koʻnikmalarini mustahkamlash Oʻzbekistonning inson kapitalini yanada mustahkamlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega”, deya taʻkidlaydi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin. “Ushbu koʻnikmalar bolalarga yanada murakkab koʻnikmalarni egallashga yordam beradi va ularni kelajakda tez oʻzgaruvchan mehnat bozori talablariga tayyorlaydi. Ular mamlakatning innovatsiyalardan foydalana oladigan kadrlarga tayanadigan iqtisodiy oʻsishida ham muhim ahamiyatga ega. Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan moliyalashtirilgan yangi BILIM dasturi hukumatga maktab oʻquvchilarining asosiy koʻnikmalarini rivojlantirishga sarmoya kiritishga yordam beradi”.

Umumiy qiymati 378 million dollar boʻlgan BILIM dasturi Oʻzbekiston hukumati (273 million dollar), Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (100 million dollar imtiyozli moliyalashtirish) va Taʻlimni moliyalashtirish xalqaro jamgʻarmasi (5 million dollar miqdoridagi grant) tomonidan moliyalashtiriladi. U Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning oltita hududida amalga oshiriladi.

Dastur Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi maktab va oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash muassasalarini qamrab oladi. Mamlakatdagi barcha maktablarning qariyb 45 foizi ushbu hududlarga toʻgʻri keladi. Aynan shu hududlarda bolalarni oʻqitish bilan bogʻliq eng jiddiy muammolardan biri, shuningdek, maktab infratuzilmasining keskin tanqisligi kuzatilmoqda.

2030-yilgacha BILIM dasturi uchta asosiy yoʻnalishda taraqqiyotni taʻminlashi kutilmoqda:

1) 50 ming nafar boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, maktab rahbarlari va taʻlim tizimi maʻmurlarining pedagogik va boshqaruv salohiyatini yaxshilash;

2) yangi maktablar qurish va mavjud muassasalarni kengaytirish hisobiga oʻqitish sharoitlarini yaxshilash, bu esa 27 mingta yangi maktab oʻrinlarini yaratish imkonini beradi;

3) taʻlim maʻlumotlarini toʻplash va ulardan foydalanish tizimini mustahkamlash, shuningdek, maktablarda resurslarni yanada samarali taqsimlash va ishlarni tashkil etish uchun maʻlumotlarga asoslangan rejalashtirish usullarini qoʻllash orqali boshlangʻich maktablarda taʻlim natijalarini yaxshilash.

Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlar boshlangʻich maktabning 1-4-sinflarida tahsil olayotgan taxminan 2 million bolaga foyda keltiradi, ularning yarmi qizlardir. Ular taʻlim natijalarini yaxshilashga va pirovardida ushbu oʻquvchilarning katta yoshga yetganida ish bilan taʻminlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.


Bog‘lanish uchun

Toshkent
Zakiya Abdurazakova
+998 78 1202400
zabdurazakova@worldbankgroup.org 

Vashington, Kolumbiya okrugi
OAV bilan aloqalar bo‘limi
+1 (202) 473-7660
press@worldbank.org 

PRESS RELEASE NO: 2026/ECA/071

Blogs

WHAT'S NEW

    loader image