VASHINGTON, 2026-yil 17-iyun – Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) O‘zbekistonga imtiyozli moliyalashtirish shaklida 150 mln dollar ajratilishini maʻqulladi. Ushbu mablag‘lar “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Dastur mamlakatning oltita viloyatidagi qishloq hududlarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlarni yaxshilashga yordam beradi.
O‘zbekistondagi 38 million aholining deyarli yarmi qishloq joylarda yashaydi. Biroq, ko‘plab qishloqlar hali ham sifatli yo‘llar, maktablar, tibbiyot muassasalari, suv va elektr ta’minoti xizmatlaridan ishonchli foydalanish imkoniyatiga ega emas. Ushbu kamchiliklar ham mahalliy ishbilarmonlik muhitini va tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ish o‘rinlari yaratishni cheklamoqda.
Ushbu muammolarni hal qilish uchun O‘zbekiston hukumati 2019-yilda Jahon banki (100 million dollar) va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) (82 million dollar) moliyaviy ko‘magida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturini amalga oshirishni boshladi. 2026-yil iyun oyida dastur yakunlangunga qadar uning doirasida Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 306 ta qishloq tumanlaridagi mahallalarda 900 dan ortiq subloyihalar moliyalashtirildi.
Ushbu subloyihalar, xususan, 340 dan ortiq yo‘l, 220 ta elektr ta’minoti tizimi, 160 ta suv ta’minoti tizimi, 100 ga yaqin maktab, 40 ta maktabgacha ta‘lim muassasasi va 10 ta ko‘prikni qurish yoki modernizatsiya qilish ishlarini o‘z ichiga olgan. Umuman olganda, ushbu o‘zgarishlar taxminan 1 million qishloq aholisiga bevosita foyda keltirdi, ularning yarmi ayollardir.
Dasturning muhim xususiyati shundaki, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha subloyihalarni tanlash va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish bevosita mahalliy aholi tomonidan mahallalarni rivojlantirish guruhlari orqali amalga oshiriladi. Bunday guruhlar ishtirokchilarining kamida 50 foizini ayollar tashkil etadi.
“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichi umumiy byudjeti 340 mln dollarni tashkil etadi. Dastur Jahon banki (150 mln dollar), OIIB (120 mln dollar) va O‘zbekiston hukumati (70 mln dollar) tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada amalga oshiriladi. Jahon banki tomonidan moliyalashtirish aniq natijalarga va dasturni amalga oshirishning asosiy bosqichlariga erishilgandan so‘ng transhlar bilan taqdim etiladi.
“Dasturning yangi bosqichi, uning birinchi bosqichi kabi, mahallalar aholisining ehtiyojlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Talab yuqori bo‘lgan infratuzilmani rivojlantirish ishtirokchi mahallalarda, jumladan, ayollar va yoshlar o‘rtasida turmush darajasini oshiradi. Dasturning yangi yo‘nalishlari qishloqda tadbirkorlikni rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratishni o‘z ichiga oladi”, — deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhasin.
Dastur 2031-yilgacha transport infratuzilmasi, ichimlik suvi tarmoqlari, elektr ta’minoti va boshqa obyektlarni rivojlantirishga investitsiyalar kiritish orqali oltita viloyatdagi mahallalarda jamoat infratuzilmasi va xizmatlarini yaxshilashga yordam berishi kutilmoqda. Ushbu o‘zgarishlardan 1,2 millionga yaqin qishloq aholisi, jumladan, 600 ming ayol va 300 ming yoshlar manfaatdor bo‘ladi.
Bundan tashqari, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish sohalarida band bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘z mahsulotlarini sotish bozorlarini diversifikatsiya qilishga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlar 1 500 ga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Dastur qishloq xo‘jaligi va mikro, kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirishga qaratilgan Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan boshqa loyihalar bilan birgalikda dastur amalga oshiriladigan hududlardagi mahallalarda qo‘shimcha ravishda 25 000 ga yaqin yangi va yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi.
Bog‘lanish uchun
Toshkent
Zakiya Abdurazakova
+998 78 1202400
zabdurazakova@worldbankgroup.org
Vashington, Kolumbiya okrugi
OAV bilan aloqalar bo‘limi
+1 (202) 473-7660
press@worldbank.org