TOSHKENT, 2025-yil 1-iyul – Naji Benxasin Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi mintaqaviy direktori vazifasini bajarishga kirishdi. U o‘z faoliyatini Jahon bankining Toshkentdagi (O‘zbekiston) vakolatxonasidan amalga oshiradi. Benxasin o‘z lavozimida Jahon bankining Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi operatsiyalarini nazorat qiladi.
2021-yil iyulidan 2025-yil iyunigacha Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori lavozimida ishlagan Tatyana Proskuryakova o‘z faoliyatini yakunladi. 2025-yil 1-iyuldan janob Benxasin ushbu lavozimni rasman egalladi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi umumiy majburiyatlari 11 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 85 ta amaldagi loyihani o‘z ichiga oladi. Ushbu loyihalar mintaqa mamlakatlari hukumatlariga taraqqiyot sohasidagi keng ko‘lamli maqsadlarga erishish va turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni modernizatsiya qilishda yordam beradi. Dastur Markaziy Osiyodagi loyihalar soni bo‘yicha Jahon bankining barcha mintaqaviy portfellari orasida ikkinchi, moliyalashtirish hajmi bo‘yicha esa dunyoda 16-o‘rinni egallaydi.
“Jahon bankining 80 milliondan ziyod aholi yashaydigan, shiddatli iqtisodiy va demografik transformatsiryani boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi jadal va ko‘p qirrali faoliyatiga rahbarlik qilish men uchun katta sharafdir”, – deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin.
“Men Jahon bankining mintaqa mamlakatlari hukumatlari bilan samarali hamkorligini davom ettirish, ularning inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish, fuqarolar farovonligini oshirish, ayniqsa ayollar va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, muhim mintaqaviy muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlariga ko‘maklashish niyatidaman. Energetika, transport va savdo sohalarida imkoniyatlarni kengaytirish, suv resurslari taqchilligi muammolarini hal qilish, transchegaraviy ekologik va sanitariya-epidemiologik xavflar shular jumlasidan”, – deya qo‘shimcha qildi Benxasin.
Jazoir fuqarosi bo‘lmish Naji Benxasin 2001-yilda Jahon bankida professional faoliyatini boshlagan. O‘shandan beri u bir qator rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Janob Benxasin Markaziy Osiyoga tayinlanishidan oldin 2020-yil iyulidan 2025-yil iyunigacha Jahon bankining Pokistondagi vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.
Ilgari janob Benxasin Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida adolatli o‘sish, moliya va institutlar bo‘yicha mintaqaviy direktor lavozimida ishlagan, shuningdek, Jahon bankida moliya, raqobatbardoshlik va innovatsiyalar bo‘yicha global amaliyotni boshqargan.
Janob Benxasin Shveysariya federal texnologiya instituti, Parij oliy menejment maktabi va Parij iqtisodiyot maktabi bitiruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, u Massachusets texnologiya institutida (MIT) iqtisodiyot bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasini olgan. Arab, fransuz va ingliz tillarida erkin so‘zlasha oladi.
Bog‘lanish uchun
Toshkent:
Mirzo Ibragimov
mibragimov@worldbank.org