Skip to Main Navigation

O‘zbekiston Jahon banki ko‘magida gidroenergetika yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytiradi

VASHINGTON, 2025-yil , 25-iyun Jahon banki O‘zbekistonga kichik gidroenergetika sohasini rivojlantirish va butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan yangi loyihani amalga oshirish uchun 150 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha xususiy sektor, jumladan, mahalliy kichik gidroelektr stansiyalari ishlab chiquvchilari va banklar ishtirokida amalga oshiriladi.

2030-yilga borib O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ikki barobarga oshib, 120 milliard kilovatt-soatdan oshishi kutilmoqda. Mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarishning o‘sishiga qaramay, ehtiyojlarning qariyb 10 foizi qondirilmayapti, bu esa elektr ta’minotida uzilishlarga olib kelmoqda, ayniqsa energiya bilan kam ta’minlangan hududlar va qishloq joylarda. Asosiy sabab – energiyani uzatish va taqsimlash bilan bog‘liq muammolar.

Mavjud sug‘orish kanallari tarmog‘idan foydalanuvchi quvvati 100 kVt dan 5 MVt gacha bo‘lgan kichik gidroelektrostansiyalar (KGES) energiya bilan kam ta’minlangan hududlarda elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirishga qodir. Ular aholi va xususiy sektorni elektr energiyasi bilan ta’minlash ishonchliligini oshirish uchun amaliy yechim bo‘lib, O‘zbekiston hududlarini rivojlantirishga hissa qo‘shishi mumkin.

KGESlar iqtisodiy jihatdan samarali yechim bo‘lib, minimal xizmat ko‘rsatishni talab qiladi. Ular elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun mavjud sug‘orish kanallari tarmog‘ini ishga solishi mumkin. Ushbu omillar KGESni kichik miqyosda qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishdan manfaatdor bo‘lgan xususiy investorlar uchun jozibador vositaga aylantiradi.

“O‘zbekiston hukumati 3 mingga yaqin KGES qurilishiga sarmoya kiritishni va 2026-yilgacha ularning o‘rnatilgan quvvatini 160 MVtga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu 280 ming kishini qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi,” - dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. “Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan va O‘zbekiston Energetika vazirligi tomonidan 2025-2030-yillarda amalga oshiriladigan yangi loyiha ushbu maqsadga erishishga yordam beradi. Loyiha O‘zbekiston banklari orqali mahalliy KGES ishlab chiquvchilariga o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, loyiha butun mamlakat bo‘ylab gidroenergetika infratuzilmasini kengaytirish uchun qariyb 38 million dollar xususiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi”.

Loyiha 2030-yilga borib umumiy o‘rnatilgan quvvati 150 MVt gacha bo‘lgan KGES qurilishini moliyalashtirish imkonini beradi. Ularda yiliga 520 gigavatt-soatdan ziyod ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, loyiha karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 430 ming tonnagacha qisqartirishga yordam beradi.

Hozirgi kunda loyiha doirasida mamlakatning turli hududlaridagi mavjud sug‘orish kanallarida KGES qurish uchun 270 ga yaqin qulay maydonlar oldindan aniqlangan. Ularning aksariyati (93%) 100 dan 1000 kVt gacha quvvat imkoniyatiga ega.

Loyiha doirasida moliyalashtiriladigan KGESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan sotib olinadi. U qayta tiklanadigan energiyaning ishonchli manbaiga aylanadi, energiya balansini diversifikatsiya qilish imkonini beradi, energiya bilan kam ta’minlangan hududlar va qishloq joylarda uy xo‘jaliklari va xususiy sektorning elektr ta’minotini yaxshilaydi.

Loyiha, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish va tegishli tarmoqlarda hamda kichik va o‘rta biznesda ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, KGESlar joylashgan hududlarda iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek, O‘zbekiston hududlarini yanada kengroq rivojlantirishga ko‘maklashish uchun katta salohiyatga ega.


Bog‘lanish uchun

Toshkent:
Mirzo Ibragimov
mibragimov@worldbank.org 

PRESS RELEASE NO: 2025/ECA/109

Blogs

WHAT'S NEW

    loader image