Skip to Main Navigation

O‘zbekiston Jahon banki ko‘magida irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qiladi

VASHINGTON, 2025-yil, 21-may — Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha mamlakatning beshta hududida suv yo‘qotishlarini qisqartirish va sug‘orish tizimlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. O‘zbekiston hukumati loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 23,2 mln dollar ajratadi.

Loyiha Jahon bankining Markaziy Osiyo mamlakatlarida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va suv resurslarini saqlashga qaratilgan mintaqaviy dasturining birinchi bosqichi bo‘ladi.

O‘zbekistonning qurg‘oqchil iqlimi irrigatsiyani yalpi ichki mahsulot va aholi bandligining taxminan 25 foizini tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligi uchun hayotiy zaruratga aylantiradi. Suvning asosiy qismi Amudaryo va Sirdaryodan olinib, keng tarmoqli kanallar orqali dalalarga yetkazib beriladi. Qishloq xo‘jaligi mamlakatdagi barcha suv resurslarining qariyb 90 foizini iste’mol qilganligi sababli, suvdan samarali foydalanishni ta’minlash o‘ta muhim vazifaga aylanmoqda.

O‘zbekistonda muzliklar oqimining kamayishi, suv bug‘lanishining ortishi, muntazam bo‘lmagan yog‘ingarchilik va qurg‘oqchilikning tezlashishi tufayli suv resurslari tanqisligi sezilarli darajada kuchayishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar mavjud suv resurslari hajmini 30-40 foizga qisqartirishi va shu bilan birga irrigatsiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni 25 foizga oshirishi mumkin. Bu esa suv resurslariga qo‘shimcha yuklama paydo qiladi.

O‘zbekistonda irrigatsiya infratuzilmasining katta qismi eskirgan, bu esa suvning sezilarli darajada yo‘qotilishiga, resurslarning hududlar o‘rtasida notekis taqsimlanishiga va fermerlarga irrigatsiya xizmatlari ko‘rsatish sifatining pastligiga olib kelmoqda.

Bundan tashqari, 2,4 mln gektarga yaqin qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish (mamlakatning barcha sug‘oriladigan maydonining 56 foizi) nasoslar yordamida suv yetkazib berilishiga bog‘liq. Buning uchun 1 700 ga yaqin nasos stansiyalaridan foydalaniladi, ular har yili taxminan 7,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qiladi – bu mamlakat umumiy energiya iste’molining qariyb 16 foizini tashkil etadi.

“Yangi loyiha orqali Jahon banki O‘zbekiston suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini amalga oshirishda hukumatga ko‘maklashadi. Konsepsiya irrigatsiya sohasida suv va energiya tejamkor infratuzilmani rivojlantirishni ham nazarda tutadi,” – deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova. – “Rejalashtirilgan loyiha tadbirlari qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish, suvdan foydalanuvchilarning farovonligini yaxshilash, shuningdek, irrigatsiya va agrosanoat sohalarida yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi.”

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi loyihani Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi. Ushbu hududlarda irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirish orqali 2031-yilga borib suv xo‘jaligi sektori samaradorligi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Rejalashtirilgan loyiha tadbirlari orasida:

  • Amudaryo va Sirdaryo bilan bog‘langan va yuqorida qayd etilgan hududlardan o‘tgan sakkizta yirik magistral kanalning 259 kilometrini betonlash. Buning uchun suvni tejaydigan zamonaviy materiallar, jumladan, geomembranalardan foydalaniladi.
  • O‘zi oqar suv yetkazib berishni ta’minlash va iloji boricha nasoslardan foydalanish zaruratini kamaytirish uchun kanal o‘zanlarini qayta profillash va ularning sathini ko‘tarish.
  • Ko‘rsatilgan kanallar bo‘ylab suv taqsimotini nazorat qilish darajasini oshirish uchun 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar qurish.
  • Suv sarfini o‘lchagich o‘rnatilgan boshqariladigan suv chiqargichlarni o‘rnatish, shuningdek, suv ta’minoti jarayonlarini boshqarish uchun dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish tizimini (SCADA) joriy etish.

Loyihadan kutilayotgan natijalar:

  • 232 000 gektar maydonda irrigatsiya xizmati sifatini oshirish, bu esa ushbu yerlarda qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish imkonini beradi.
  • 180 000 nafar suv foydalanuvchilari, shu jumladan 80 000 nafar ayollarning sug‘orish xizmatlaridan yanada ishonchli foydalanishini ta’minlash.
  • Yillik suv yo‘qotishlarini taxminan 540 million kub metrga qisqartirish, bu esa suvdan yanada oqilona foydalanishga yordam beradi.
  • Yiliga 165 million kVt·soatdan ortiq elektr energiyasini tejash, bu esa irrigatsiya sohasida energiya samaradorligini oshiradi va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi.
PRESS RELEASE NO: 2025/ECA/103

Contact

Toshkent
Mirzo Ibragimov

Blogs

WHAT'S NEW

    loader image