VASHINGTON, 2025-yil, 19-may — Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 35 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘lar fuqarolar va xususiy sektorning geofazoviy ma’lumotlardan foydalanishini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Loyiha davlat xizmatlarini raqamlashtirishni davom ettirishga ko‘maklashadi va butun mamlakat bo‘ylab hududiy rivojlanishga hissa qo‘shadi. O‘zbekiston hukumati loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun 5,7 million dollar atrofida mablag‘ ajratadi.
O‘zbekistonda jadal sur’atlar bilan kechayotgan urbanizatsiya jarayonlari natijasida aholining 50 foizdan ortig‘i shaharlarda yashamoqda. Bu tendensiya, ayniqsa, yirik shahar aglomeratsiyalarida yer resurslari, asosiy infratuzilma va ta’lim, sog‘liqni saqlash va jamoat transporti kabi davlat xizmatlariga bo‘lgan bosimni kuchaytirdi. Shaharlarning jadal o‘sishi yerdan foydalanish va infratuzilma to‘g‘risida batafsil geofazoviy ma’lumotlarning yetishmovchiligiga olib keldi. O‘z navbatida, bunday ma’lumotlarning yetishmasligi hokimiyat organlarining hududiy rivojlanishni samarali rejalashtirish va boshqarish imkoniyatlarini cheklaydi, fuqarolar va tadbirkorlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiladi.
Xususiy sektor ham ishonchli geofazoviy ma’lumotlar, yer resurslaridan foydalanish imkoniyatlari va infratuzilma, jumladan, transport, suv va energetika kommunikatsiyalari holati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati cheklangani sababli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bunday batafsil va dolzarb ma’lumotlarning mavjud emasligi hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytiradi, chunki tadbirkorlar uchun xatarlarni baholash va biznesni boshlash uchun istiqbolli joylarni aniqlash qiyin bo‘ladi. Axborot taqchilligi sababli investorlar ishonchini yo‘qotadi va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida xususiy sektor ishtiroki cheklanadi.
Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun O‘zbekiston hukumati 2021-yilda Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini (FMMI) rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratdi. FMMI geofazoviy ma’lumotlarni shaffof va samarali yig‘ish, saqlash, boshqarish va almashish orqali puxta rejalashtirish va barqaror hududiy rivojlanishga hissa qo‘shishga qaratilgan.
“FMMIni rivojlantirishda ma’lum yutuqlarga erishilganiga qaramay, tegishli davlat xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarur,” – deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova. “Davlat tuzilmalari va xususiy sektor o‘rtasida fazoviy ma’lumotlar almashinuvini yaxshilash, kadastr bazaviy xaritalarini yaratishni yakunlash, muhandislik kommunikatsiyalari reyestrini shakllantirish, shuningdek, hududiy hokimiyat organlarining geofazoviy ma’lumotlarni boshqarish sohasidagi salohiyatini mustahkamlash ustuvor vazifalar qatoriga kiradi. Jahon banki hukumatga ushbu yo‘nalishlarda rivojlanishga yordam beradigan yangi loyihani qo‘llab-quvvatlashdan mamnun.”
Loyiha O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan 2025-2030-yillarda amalga oshiriladi va quyidagi tarkibiy qismlarni o‘z ichiga oladi:
1-komponent: Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini (FMMI) rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash. Loyiha FMMIni O‘zbekiston elektron hukumatining raqamli ekotizimiga integratsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha bir qator tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi. Ular uchta yangi ma’lumotlarni qayta ishlash markazini yaratish, FMMIning raqamli arxitekturasini ishlab chiqish, turli xil geofazoviy ma’lumotlarni standartlashtirish, shuningdek, milliy geoportalni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, ushbu chora-tadbirlar geofazoviy ma’lumotlarning shaffoflik darajasi yanada yuqori bo‘lishini ta’minlaydi hamda fuqarolar va xususiy sektor uchun FMMI orqali dolzarb ma’lumotlarga yagona va ishonchli kirishni ta’minlan, ularning ishonchini mustahkamlaydi.
2-komponent: Mintaqaviy va munitsipal darajalarda geofazoviy infratuzilmani mustahkamlash. Loyiha mintaqaviy va munitsipal darajadagi kartografiya va geodeziya tizimlarini takomillashtiradi, shuningdek, milliy geodeziya va kartografiya uskunalari va dasturiy ta’minotini modernizatsiya qiladi, shu jumladan GPS ma’lumotlarini olish uchun 80 ta yangi doimiy ishlaydigan referens stansiyalarini (CORS) o‘rnatadi. Ushbu chora-tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab kartografik ma’lumotlar va yer resurslari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning aniqligini oshiradi.
Shuningdek, Kadastrlar va ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatga olishning integratsiyalashgan axborot tizimi (UZKAD) modernizatsiya qilinadi, obyektlarning joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona manzil reyestri yaratiladi, davlat tuzilmalari va xususiy sektor o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi takomillashtiriladi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida shaharning 3D modeli va muhandislik kommunikatsiyalari reyestrini yaratish kabi xaritalashtirishning yangi texnologiyalari, sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu vositalar mahalliy hokimiyat organlariga shaharni rivojlantirish jarayonlarini yaxshiroq boshqarishga va iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.
Umuman olganda, loyiha yer resurslari va ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning aniqligi va ulardan foydalanish imkoniyatini oshiradi. Bu jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga yordam beradi. Shuningdek, u tegishli aholi punktlarida yangi korxonalarni tashkil etish to‘g‘risida asosli qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan mavjud yer uchastkalari va ko‘chmas mulk to‘g‘risida xususiy sektorning xabardorligini oshiradi.