Skip to Main Navigation

O‘zbekiston Jahon banki ko‘magida taqsimlash elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga sarmoya kiritmoqda

VASHINGTON, 2025-yil, 15-may – Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash elektr tarmoqlariga integratsiya qilish va mamlakatning ustuvor hududlarida elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan dasturni amalga oshirish uchun 100 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.

Dasturni amalga oshirish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (“HET” AJ) o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha 50 mln dollar ajratadi. Jahon banki O‘zbekistondagi faoliyati tarixida birinchi marta ushbu operatsiyani moliyalashtirish uchun “natijaga yo‘naltirilgan dastur” (Program-for-Results, PforR) deb nomlangan vositadan foydalanayotganini ta’kidlash lozim. Ushbu vosita Bankning mijozlari bo‘lgan mamlakatlardagi eng muhim davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun ishlatiladi.

O‘zbekiston energetika tizimi jiddiy muammolarga duch kelmoqda. 2024-yil holatiga ko‘ra, elektr energiyasini taqsimlashda texnik yo‘qotishlar taxminan 13 foizni tashkil etadi. Asosiy sabab – eskirgan va yuklamasi oshib ketgan infratuzilma. Taqsimlash tarmoqlari obyektlarining 50 foizdan ortig‘i 30 yildan ortiq ekspluatatsiya qilinmoqda, bu ularning normativ xizmat muddatidan ancha ko‘proq bo‘lib, avariyalar va elektr ta’minotidagi uzilishlarga olib keladi.

O‘zbekiston 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektroenergiya ishlab chiqarish hajmini 25 gigavattga (GVt) yetkazishni rejalashtirmoqda. Biroq, taqsimlash tarmoqlarini zudlik bilan modernizatsiya qilmasdan, qayta tiklanadigan energiyaning yangi yetkazib beruvchilarini ushbu tarmoqlarga ulash imkoni bo‘lmay qoladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning energetika sektori katta tijorat yo‘qotishlari, shu jumladan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzlar tufayli norentabel bo‘lib qolmoqda. Bu davlat byudjetiga jiddiy bosim o‘tkazmoqda. Moliyaviy barqarorlikni oshirish uchun taqsimot tizimining operatsion va moliyaviy modellari isloh qilinmoqda. Bundan maqsad – rentabellikni oshirish va energiya tarmoqlari infratuzilmasini rivojlantirishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish.

“Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan moliyalashtirish 2030-yilgacha O‘zbekistonning taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirishga hissa qo‘shish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat dasturi doirasida jalb etilishi lozim bo‘lgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi. Umid qilamizki, mamlakatning boshqa xalqaro hamkorlari va xususiy investorlar ham bizdan o‘rnak olib, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning energetika tarmog‘ini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydilar”, – deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova.

Jahon banki va “HET” AJ tomonidan birgalikda moliyalashtiriladigan yangi dastur doirasida 150 million dollarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. “HET” AJ kelgusi besh yil ichida ushbu mablag‘larni muhim taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiya qilishi mumkin. Dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining taqsimlash tarmoqlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashadi hamda ustuvor hududlarda, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida elektr ta’minotining ishonchli bo‘lishini ta’minlaydi.

Dastur doirasidagi asosiy chora-tadbirlarga quyidagilar kiradi:

  • 6 000 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish;
  • umumiy quvvati 250 megavolt-amper (MVA) bo‘lgan 1 200 ta taqsimlash transformatorini almashtirish va o‘rnatish;
  • “HET” AJ tarmoqlarida elektr energiyasining tijorat yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam beradigan 150 000 ta “aqlli” hisoblagichlarni ulash;
  • taqsimlash tarmoqlari faoliyatini avtomatlashtirish va raqamlashtirishni ta’minlash uchun 4 000 ta ma’lumotlar konsentratorini o‘rnatish, bu ularni zamonaviy va samarali tizimga aylantiradi.

Bundan tashqari, dastur “HET” AJning operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligini yaxshilashga investitsiyalarni ko‘zda tutgan, xususan:

  • “HET” AJ taqsimlash tizimini rejalashtirishning yangi metodologiyasini, qayta tiklanuvchi energiyaning yangi yetkazib beruvchilarini taqsimlash tarmoqlariga ulashning operatsion tartib-taomillari va jarayonlarini ishlab chiqish;
  • moliyaviy faoliyatni yanada samarali rejalashtirish orqali “HET” AJning daromadlilik ko‘rsatkichlarini yaxshilash;
  • “HET” AJning korporativ boshqaruv tizimini, shu jumladan buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruvini modernizatsiya qilish.

Dastur 2029-yilga kelib quyidagi natijalarga erishishi kutilmoqda:

  • Mijozlarning “HET” AJ xizmatlari sifatidan qoniqish darajasini 90 foizga yetkazish;
  • kichik va o‘rta korxonalar, shuningdek, uy xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqariladigan 50 megavattgacha (MVt) energiyani qabul qilish uchun taqsimlash tarmoqlari quvvatini oshirish;
  • issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga 450 000 tonna karbonat angidrid gazigacha qisqartirish;
  • “HET” AJda texnik va boshqaruv lavozimlaridagi ayollar ulushini 9 foizdan (2025-yilda) 14 foizgacha oshirish.
PRESS RELEASE NO: 2025/ECA/101

Contact

Toshkent
Mirzo Ibragimov
Vashington
Sona Panajyan

Blogs

WHAT'S NEW

    loader image