Oʻzbekiston dunyodagi eng yirik paxta ishlab chiqaruvchilardan biridir. 2017-yilga qadar mamlakatda har yili sentyabrdan noyabrgacha boʻlgan davrda davlat organlari paxta yigʻim-terimiga qariyb ikki million nafar kishini, jumladan kattalar va bolalarni safarbar etgan. Bu dunyodagi eng yirik mavsumiy ishchi kuchi safarbarligi boʻlib, unda terimchilarning 15 foizi dalalarda majburiy mehnatga jalb etilgan. Mehnat huquqlarining buzilishi jiddiy xalqaro tashvishlarga sabab boʻlgan. 2010-yilda koʻplab yirik global brendlar va moda sohasidagi chakana savdo tarmoqlari fuqarolik jamiyati tashkilotlari koalitsiyasining Oʻzbekiston paxtasini boykot qilish haqidagi chaqirigʻiga qoʻshilgan.
Oʻzbekiston hukumati markazlashgan rejalashtirilgan iqtisodiyotdan barqaror va inklyuziv bozor iqtisodiyoti modeliga oʻtish doirasida qishloq xoʻjaligi sektorida keng koʻlamli islohotlarni boshladi. Asosiy islohotlar paxta ishlab chiqarish ustidan davlat nazoratini bekor qilish, shuningdek, majburiy va bolalar mehnatidan tizimli foydalanishni tugatishni oʻz ichiga oldi.
Davlat organlari paxta yetishtirish va qayta ishlash ustidan nazoratni izchil ravishda yumshatib, paxta yetishtirish, uni qayta ishlash va toʻqimachilik ishlab chiqarishini mamlakat boʻylab “toʻqimachilik klasterlari” deb ataluvchi tizimlarga birlashtirdi. Ushbu saʻy-harakatlar, shuningdek, paxta eksporti tarkibida ishlov berilmagan tolalar ulushini qisqartirishga qaratildi. 2023-yildan boshlab Oʻzbekiston ishlov berilmagan paxtaning 100 foizini mustaqil ravishda ip-kalavaga qayta ishlash imkoniyatiga ega boʻldi va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega kiyim-kechak ishlab chiqarishga oʻtishni taʻminladi. 2024-yilda mamlakat toʻqimachilik sanoatida qariyb 600 ming kishi band boʻlib, bu koʻrsatkich 2018-yildagi 188 ming kishiga nisbatan salmoqli oʻsishni koʻrsatadi. Ushbu xodimlarning aksariyati ayollar va yoshlardan iborat.
2014-yilda Yevropa Ittifoqi, AQSh, Shveysariya va Germaniya ishtirokida Oʻzbekistonda barqaror paxtachilikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan, Jahon banki tomonidan boshqariladigan, Koʻp tomonlama donorlar ishonch jamgʻarmasi (KtDIJ) tashkil etildi. KtDIJning asosiy vazifasi Oʻzbekiston hukumati va xalqaro hamkorlarga qishloq xoʻjaligi sektoridagi islohotlarni amalga oshirishda, paxta yigʻim-terimini mustaqil uchinchi tomon monitoringi tizimlarini yaratishda, paxta tarmogʻida majburiy mehnat va bolalar mehnatini tugatishda, shuningdek, toʻqimachilik sanoatida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirishda koʻmaklashishdan iborat edi.
Faoliyat, xususan, davlat siyosatining tegishli yoʻnalishlarini isloh qilishga, davlat xizmatchilari, ish beruvchilar va xodimlarni oʻqitishga qaratildi. Bu mehnat huquqlari buzilishining samarali oldini oladigan muhitni shakllantirish hamda paxta tarmogʻini liberallashtirishga xizmat qildi.
2022-yil mart oyida 2015-yildan buyon Jahon banki bilan tuzilgan kelishuv doirasida Oʻzbekistonda paxta yigʻim-terimini monitoring qilib kelgan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) mamlakat paxta tarmogʻida tizimli majburiy mehnat va bolalar mehnati mavjud emasligini tasdiqladi. Ushbu muhim yutuq Oʻzbekiston paxtasiga nisbatan xalqaro boykotning bekor qilinishiga ham olib keldi.